Ma'lumot o'rnida aytib o'taman, ayni shu jumlalarni o'qib turganingizda saytdan 27 mingdan ortiq odam foydalanyapti. Oylik tashrif buyuruvchilar soni esa 290 mingdan oshdi. Eng qizig'i, bu raqamlar hali ham oshishda davom etyapti.
So'nggi kunlarda menga eng ko'p berilgan savollardan biri: “Nima uchun loyiha bepul?” Ko'pchilik shunchaki qiziqib so'radi. Ba'zilar esa shubhalanib.
Loyihani targ'ib qilish uchun ayrim davlat tashkilotlariga murojaat qilganimda ham shu savolni qayta-qayta eshitdim:
— Nima uchun bepul?
— Bepul bo'lsa, sizga bundan qanday foyda bor?
— Qayerdan daromad qilasiz?
— Buning ortida nima bor?
To'g'risi, ayrim paytlarda bu savollarga javob berish ham qiyin bo'lardi. Chunki hamma narsani pul bilan o'lchashga o'rganib qolganmiz. Agar biror narsa bepul bo'lsa, albatta nimadir yashiringan deb o'ylaymiz. Balki ular shubhalangandir. Bilmayman. Ba'zilari yordam berdi, ba'zilari esa yordam bermadi.
Lekin bugun men bu savolga biroz boshqacharoq, batafsilroq javob bermoqchiman. Chunki balki bu yozayotganlarim kimningdir hayotida ozgina bo'lsa ham foydali bo'lib qolar.
Meni o'ylantirgan ikki jumla
Men kitob o'qib turaman. O'qigan kitoblarimdan, eshitgan suhbatlarimdan va hayot davomida ko'rgan narsalarimdan insonning fikrlashini o'zgartirib yuboradigan ayrim jumlalar bo'ladi. Mening hayotimda eng ko'p o'ylantirgan jumlalardan ikkitasi quyidagilar:
“Amallar niyatga bog'liqdir.”
“Inson vafot etganida uning amali to'xtaydi. Faqat uchta narsadan unga savob yetib turadi: sadaqai joriya, foydali ilm va uning haqiga duo qiladigan solih farzand.”
Bu ikki jumla ustida juda ko'p o'ylaganman. Chunki inson hayotda juda ko'p narsa qiladi.
O'qiydi.
Ishlaydi.
Pul topadi.
Uy quradi.
Mashina oladi.
Lavozimga erishadi.
Atrofdagilar uni taniydi.
Lekin bir kuni... Bir kun kelib inson bu dunyodan ketadi. Shunda o'z-o'zidan bir savol paydo bo'ladi: “Mendan keyin nima qoladi?”
Bu savol meni ko'p o'ylantirgan. Doim ichimda foydali nimadir qilish kerak degan ovoz tinchlik bermaydi. Lekin o'sha foydali narsa nima bo'lishi kerakligini uzoq vaqt tushunmaganman. Qanday qilib odamlarga foyda berish mumkin? Qanday qilib inson vafotidan keyin ham uning qilgan ishi yashashda davom etishi mumkin? Qanday qilib oddiy inson bo'lib turib, minglab odamlarning hayotiga ozgina bo'lsa ham foyda berish mumkin? Bu savollarning javobini aniq bilmasdim.
Bir do'stimning dasturi
Bir kuni yaqin do'stlarimdan biri dasturlashni o'rganib, Play Marketga bitta dastur joylashtirdi. Oddiygina dastur. Lekin uning ichida odamlar uchun foydali narsalar bor edi. Vaqt o'tib, o'sha dastur umumiy hisobda 100 ming martadan ortiq yuklab olindi.
Tasavvur qilyapsizmi? Bir inson o'zining bilimidan foydalangan holda nimadir ishlab chiqdi. Keyin uni minglab insonlar ishlatadi. Ularning hayotiga ozgina bo'lsa ham foyda beradi. Men bunga juda havas qilardim. O'sha paytda ichimda bir fikr paydo bo'lgan: “Men ham shunaqa odamlarga foydasi tegadigan nimadir qila olarmikanman?”
O'sha fikr uzoq vaqt ichimda yurdi. Ba'zan unutdim. Ba'zan boshqa ishlar bilan band bo'ldim. Ba'zan hayotning tashvishlari bosib ketdi. Lekin o'sha savol butunlay yo'qolmadi.
Sokinlik va bir tushuncha
Yangi g'oyalar topish uchun doim tinch joyga borishni yaxshi ko'raman. Ba'zan odamlar orasida turib ham inson o'zini eshita olmaydi. Atrof juda shovqin bo'ladi. Kimdir nimadir deydi. Kimdir nimanidir maslahat beradi. Internet bir narsani aytadi. Atrofdagilar boshqa narsani aytadi. Oxiri inson o'zining ichidagi ovozni eshitmay qo'yadi. Shuning uchun ba'zan yolg'iz qolish kerak.
Bir kuni negadir qabristonga borgim kelib qoldi. Musofirda bo'lganligim uchun faqat bitta qabristonni bilardim. Bu Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari yotgan qabriston edi. Shu yerga bordim.
Qabrlar orasidan yurib o'tar ekanman, bir narsaga qayta-qayta guvoh bo'ldim. Odamlar Shayx hazratlarining qabrlari oldiga kelishardi. Duo qilishardi. Keyin yana boshqalar kelardi. Yana duo. Yana odamlar. O'sha joyning o'ziga xos bir sokinligi bor edi. Bir qaraganda oddiy qabriston. Lekin insonning ichida qandaydir boshqacha fikrlar uyg'onadi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining 100 dan ortiq kitoblari bor. Ularning kitoblarini bugun ham odamlar o'qiydi. Ilmlaridan foydalanadi. Ularni eslaydi. Ular uchun duo qiladi. Men o'sha yerda yuqorida aytgan gap haqida yana o'yladim:
“Inson vafot etganida uning amali to'xtaydi. Faqat uchta narsadan unga savob yetib turadi...”
Shunda bir narsani tushungandek bo'ldim. Insonning umri tugashi mumkin. Lekin uning qilgan foydasi tugamasligi mumkin. Insonning o'zi bu dunyodan ketadi. Lekin uning qoldirgan ilmi odamlar bilan yashashda davom etadi. U yozgan kitobni kimdir 10 yildan keyin o'qishi mumkin. 50 yildan keyin ham kimdir undan foyda olishi mumkin. 100 yildan keyin ham uning birgina yozgan gapi kimningdir hayotini o'zgartirishi mumkin. Menimcha, inson uchun bundan katta baxtlardan biri yo'q.
Ilm ulashish yo'li
Ro'yxatda keltirilgan uchta narsadan menga eng yaqin bo'lgani ilm ulashish edi. Men o'qituvchi emasman. Men olim ham emasman. Lekin bugungi kunda bir narsani juda yaxshi tushunaman: ilm ulashish uchun albatta kitob yozish shart emas.
- Agar siz kimningdir ishini osonlashtiradigan dastur ishlab chiqsangiz ham, bu foyda.
- Agar kimdir siz yaratgan platforma orqali yangi kasb o'rgansa, bu foyda.
- Agar bir inson sizning saytingiz orqali o'z hayotini o'zgartiradigan bilim olsa, bu foyda.
- Agar siz yaratgan narsa kimningdir vaqtini tejasa, bu ham foyda.
- Agar bir yosh bola yoki qiz o'zida ilgari bilmagan qobiliyatni sizning loyihangiz orqali kashf qilsa, bu ham foyda.
Shu sababli Oson Studio men uchun oddiygina loyiha emas. Bu mening ichimda uzoq vaqt yurgan bitta savolga berilgan javoblardan biri. O'sha savol: “Men odamlarga qanday foyda bera olaman?” Oson Studio esa men hozircha shu savolga bera olgan javobim.
Bepul, lekin oson emas
Albatta, loyiha bepul bo'lsa, uni yuritish bepul degani emas.
Serverlar bor.
Domenlar bor.
Texnik xarajatlar bor.
Yangi funksiyalar yaratish uchun vaqt kerak.
Loyihani rivojlantirish kerak.
Ba'zan tunlari uxlamay ishlashga to'g'ri keladi. Ba'zan bir funksiyani yaratish uchun bir necha kun, hatto haftalar ketadi. Ba'zan hammasi yaxshi ishlamay qoladi. Ba'zan esa “Balki tashlab qo'ysammikan?” degan fikr ham keladi. Chunki bir narsani ishlab chiqish oson. Uni davom ettirish esa boshqa masala.
Minglab odamlar foydalanayotgan loyihani yuritish katta mas'uliyat. Chunki siz bir kuni ishlamasangiz ham, foydalanuvchilar kutadi. Sizning kayfiyatingiz bo'lmasa ham, tizim ishlashi kerak. Siz charchagan bo'lsangiz ham, kimdir yordam kutayotgan bo'ladi.
Lekin keyin statistikaga qaraysiz. Bir oyda yuz minglab tashrif. O'n minglab foydalanuvchilar. Kimdir birinchi marta nimanidir o'rganmoqda. Kimdir yangi ko'nikma olayapti. Kimdir o'ziga kerakli bilimni topyapti. Shunda yana davom etgingiz keladi.
“Bundan sizga nima foyda?”
Ko'pchilik mendan: “Bundan sizga nima foyda?” deb so'raydi. Rostini aytsam, bu savolga faqat bitta javob berish qiyin. Chunki inson qilayotgan har bir ishining ortida turli sabablar bo'ladi.
Albatta, kelajakda loyiha o'z xarajatlarini o'zi qoplaydigan darajaga chiqishini xohlayman. Albatta, Oson Studio yanada kattalashishini xohlayman. Albatta, kuchli jamoa bilan yanada katta loyihalarni amalga oshirishni xohlayman. Lekin loyihaning bepul bo'lishidagi asosiy sabab shu: imkon qadar ko'proq inson undan foydalana olishini istayman.
Chunki bilim pul sababli kimningdir qo'li yetmaydigan narsaga aylanib qolishini xohlamayman. Men bilamanki, bugun O'zbekistonda o'zini rivojlantirmoqchi bo'lgan juda ko'p yoshlar bor. Lekin hammaning ham imkoniyati bir xil emas.
Kimdadir qimmat kurslarga pul bor. Kimdadir yo'q.
Kimdir katta shaharda yashaydi. Kimdir uzoq qishloqda.
Kimdadir yaxshi ustoz bor. Kimdir esa internetdan mustaqil o'rganishga majbur.
Agar Oson Studio orqali shunday insonlarning hech bo'lmasa bittasiga yordam bera olsak, menimcha bu loyiha yashashga arziydi.
Bu faqat meniki emas
Bugun Oson Studio'dan 27 mingdan ortiq inson foydalanayotgan bo'lsa, bu faqat mening mehnatim emas. Bu loyiha haqida do'stlariga aytgan odamlarning ham hissasi bor. Uni ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan insonlarning ham hissasi bor. Kamchiliklarini yozib yuborgan foydalanuvchilarning ham hissasi bor. Qo'llab-quvvatlagan insonlarning ham hissasi bor. Tanqid qilganlarning ham.
Chunki ba'zan insonni oldinga olib boradigan narsa maqtov emas, aynan tanqiddir. Shu sababli Oson Studio bugun faqat meniki deb ayta olmayman. Bu loyiha undan foydalangan, rivojlanishiga hissa qo'shgan barcha insonlarning loyihasi.
Bitta niyat
Men kelajakda Oson Studio qanchalik katta bo'lishini bilmayman. Balki 100 ming foydalanuvchi bo'lar. Balki million. Balki bir kun kelib mendan ham kuchliroq insonlar bu loyihani davom ettirar. Balki loyiha butunlay boshqa ko'rinishga kelar. Buni vaqt ko'rsatadi. Lekin bitta niyatim bor.
Qachondir men bu dunyodan ketganimda, Oson Studio sabab hech bo'lmasa bir insonning hayoti yaxshi tomonga o'zgargan bo'lsa, qilgan mehnatlarim besamar bo'lmagan deb o'ylayman.
Bir inson yangi kasb o'rgangan bo'lsa.
Bir inson ish topgan bo'lsa.
Bir inson o'z bilimini oshirgan bo'lsa.
Bir inson o'ziga ishonishni boshlagan bo'lsa.
Bir insonning hayotida Oson Studio kichkinagina bo'lsa ham ijobiy iz qoldirgan bo'lsa...
Men uchun bu katta natija.
Ota-onamga
Yana bir narsani aytib o'tmoqchiman. Hozir qilayotgan ishlarim agar kimningdir hayotiga foyda berayotgan bo'lsa, agar bu ishlar savobli bo'ladigan bo'lsa, shu savoblarning barchasini ota-onam uchun bag'ishlayman.
Chunki bugungi kungacha erishgan har bir narsamda ularning hissasi bor. Men biror narsani ishlab chiqishni o'rgangan bo'lsam, bunga sabab ular. Bugun nimadir qilishga harakat qilayotgan bo'lsam, bunga sabab ularning duosi. Inson qanchalik katta bo'lishidan qat'i nazar, ota-onasining oldida baribir farzand bo'lib qoladi.
Shuning uchun men Oson Studio orqali keladigan har qanday yaxshilikda ota-onamning ham ulushi bo'lishini istayman. Agar bir inson bu loyiha orqali foyda olsa, ota-onamga ham duo qilib qo'ysa, bundan ortiq baxt bo'lmasa kerak.
Maqsad o'zgarmaydi
Maqsad o'zgarmaydi. Odamlarga foyda berish. Chunki inson bir kun ketadi.
Pul qoladi.
Uy qoladi.
Mashina qoladi.
Lavozim qoladi.
Lekin insonlarning hayotida qoldirgan foydangiz, balki eng qimmat merosdir. Agar bugun Oson Studio orqali kimningdir hayotiga kichkinagina foyda bera olayotgan bo'lsak, demak davom etish kerak.
27 ming hali oxiri emas. 290 ming tashrif ham oxiri emas. Bu hali boshlanishi. Balki bir kun kelib ushbu maqolani yana qayta o'qib, bugungi kunlarni eslarmiz. Lekin o'sha paytda ham niyatimiz bugundagidek qolishini xohlayman. Ya'ni foydali bo'lish.
Chunki ba'zan inson dunyoni o'zgartira olmaydi. Lekin bir insonning hayotini o'zgartirishi mumkin. Ba'zan esa bitta insonning hayoti o'zgarishi butun bir dunyoning o'zgarishi bo'lishi mumkin. Oson Studio'ni yaratishdagi eng katta sabablarimdan biri ham shu.
Siz ham hissa qo'shishingiz mumkin
Oson Studio sizga foydali bo'lgan bo'lsa yoki boshqalarga ham foyda berishi mumkin deb hisoblasangiz, uni yaqinlaringiz, do'stlaringiz va tanishlaringiz bilan ulashing. Ba'zan biz qilgan juda kichik ish boshqa insonning hayotida katta o'zgarishga sabab bo'ladi.
Tirikchilik orqali qo'llab-quvvatlashQilingan har qanday yordam Oson Studio'ni yanada rivojlantirish, yangi imkoniyatlar yaratish va ko'proq insonlarga foyda yetkazish uchun xizmat qiladi. Oldindan barchangizga katta rahmat.
Balki biz katta ishlarni yolg'iz qila olmasmiz. Lekin har birimiz kichkinagina yaxshilik qilsak, birgalikda katta o'zgarishlarga sabab bo'lishimiz mumkin. Oson Studio'ni rivojlantirishda yonimizda bo'lgan, foydalanayotgan, fikr bildirayotgan, tanqid qilayotgan, ulashayotgan va qo'llab-quvvatlayotgan har bir insonga rahmat.
Bu hali boshlanishi.Oson Studio